“Shu soydan chiqmasdan badantarbiya qilsak kerak” deb o‘yladim. Yo‘q, yanglishgan ekanman, o‘ng tarafdagi qirning ustiga qarab yo‘nalgan dala yo‘lidan yuqorilab katta yalanglikka chiqdik.

Chap tarafimizda baland tog‘lik boshlanib ketgan, o‘ng tarafimizda qirlar tugagan joydan boshlab ko‘z ilg‘agan joygacha yam-yashil vodiy ko‘rinib turardi. Soydan chiqishimiz bilan daraxtzor tarafga yo‘naltirilgan artilleriya qurollarini ko‘rgachgina kechqurun bizni “qo‘rqitgan”, ustimizdan uchib o‘tgan “ajdaho purkagan olovlar” nima ekanligini tushundim. “Grad” reaktiv snaryadlar otish qurilmasi pastlikka qarab to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirib raketalarini otgan, ular esa bizni palatka tomiga tekkudek balandlikdan, naq ustimizdan uchib o‘tgan ekan.

Yalanglikka chiqqandan so‘ng “endi qaytsak kerak, endi qaytsak kerak” degan o‘y bilan yugurishda davom etdik. Lekin bizni boshlab ketayotgan serjantning parvoyi falak, qaytish haqida unutgandek- bamaylixotir yugurtirardi. “Esi joyidami buni, dushman hozir bizni otib tashlaydiku, bu yer ochiq yalanglik bo‘lsa, yashirinadigan joyning o‘zi bo‘lmasa, qayoqqa olib ketyapti bizni… ” degan savollar miyamda charx urardi.

Keyinchalik vaziyatni, atrofni o‘rganganimdan so‘ng, bu fikrlarimdan, o‘z o‘zimdan uyalib yurdim. Harholda bu yerda dushmanning o‘qotar quroldan otish ehtimoli kam bo‘lsada, reaktiv snaryadlar hujumidan himoyalangan emasdi. Xullas, ikki kilometrlar yugurib, harbiy qism markazi ko‘zga tashlangach, ortga qaytdik va tushunib yetdimki, biz ishonchli qo‘riqlanadigan harbiy qismning bir chetida joylashgan artilleriya divizionida ekanmiz.

Har xil o‘ylar qurshovida o‘tkazgan bu risoladagidek badantarbiya mashg‘uloti men uchun “afg‘on”dagi birinchi va oxirgisi bo‘lishini ham, hali bu yerdan yanada uzoqroqda joylashgan boshqa bo‘linmaga ketishimni ham xayolimga keltirmac edim. Chunki men boradigan joyda bunaqa mashg‘ulotlar o‘tkazishni hatto tasavvur etish ham mushkul edi. Bu haqda esa keyinroq…

Palatkaga qaytganimizdan so‘ng meni Nosir Rahmonov, Stepanyuk va Ivanov degan bolalar bilan (harbiyda shunaqa, askarlarni familiyasi bilan chaqirishadi, ba’zilarining ismini hozirgacha bilmayman) qo‘shib olib ketishdi. Qism markazidan o‘tib, kechqurun biz uchib kelgan vertolyot yonidan o‘tib shahar tomon yo‘naldik. Bu Gardez shahri edi.

Shaharga kirish yo‘lida, shundoqqina mahalliy aholi uylari yaqinidagi shlagbaumga kelgach, uning chap yonida turgan pastqamgina, paxsadan qurilgan imorat yoniga yetib, mashinadan tushdik.

Qiziq, bu yer harbiylar joylashgan maskanga ham o‘xshamasdi. Uch-to‘rtta har xil yumushlar bilan ovora bo‘lib yurgan navbatchi askarlardan boshqa birov ko‘rinmas, tinchgina, zerikarli joyday bo‘lib ko‘rinardi. Lekin bu aldamchi taassurot edi. Bizni o‘z xonalarimizga joylashtirishdi. “Kazarma” deb ataladigan bu imoratda uchta kichik-kichik yotoqxonalar bo‘lib, har biriga o‘n besh-yigirmatadan karavot joylashtirilgan. Birozdan so‘ng yelkalariga avtomat, pulemyot va granatomyotlar osib olgan bir talay askarlar shovqin-suron bilan kelib qolishdi. Ularning qayoqdan kelishganini ham bilmay qoldim. Ular qurollarini kichkinagina, temir panjarali eshiklar o‘rnatilgan, lekin, hech qachon qulflanmaydigan xonaga kiritib qo‘yishdi-da, yuvinib kelishgach, “Stroitsya, na zavtrak” komandasi berilib, biz ham ularga qo‘shilib, tashqariga yo‘naldik.

Lekin safga hamma ham kelib qo‘shilmadi, ayrimlar o‘z kotelog3ini ko‘tarib, palatkadan qurilgan oshxona tomon o‘z holicha jo‘navorishdi. Ular xizmatni deyarli o‘tab bo‘lgan “ded”lar (harbiyda hamma askarlar orzu qiladigan shunday “martaba”bor) ekanligini tushundim.