Mening       xayolimda esa hali ham avvalgi qo‘rquv bor: “ Nima bo‘lgan bularga, urushga ham shunchalik qo‘rqmasdan “men boraman” deyishadimi?”

O‘sha paytda ko‘nglimdagi ko‘zlarimda aks etgandir, balki, bilmadim.

Bir muddat jimlikdan so‘ng Balushkin davom etdi:

–Bu gal aloqachi yoshlardan Azizov, Stepanyuk va Ivanovlar borishadi. Kim nimaga qodirligini bilib olaylikchi, a, nima dedinglar? Vzvodlardan kim borishini esa vzvod komandirlari hal qilsin, – deya gapni qisqa qilib chiqib ketdi.

Men, amaliyotga qachon jo‘nashimiz mumkinligini surishtira boshlab, shuni angladimki, uning qachon boshlanishi harbiy sir hisoblanarkan, hamma tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishi, bitta buyruq bilan o‘ziga biriktirilgan mashinalarga chiqishi lozim ekan.

Tayyorgarlikni o‘zimcha boshlab yubordim. “Ryukzak desantnika” yoki qisqa qilib “RD” deb ataladigan yo‘l xaltaga kerakli narsalarni yig‘a boshladim: o‘q- dori, granatalar, uch kunlik oziq-ovqat, dori-darmon, sovun-sochiq kabi narsalarning o‘zini joylashtirish uchun bitta emas ikkita RD ham kamlik qilardi. Bulardan tashqari o‘n besh kilolar yuk bosadigan radiostansiya, avtomat, o‘q o‘tkazmaydigan bronejelet hamda ichiga kirib uxlashga mo‘ljallangan xalta (спалный мещок) ham bor edi.

Ularning hammasini joylash, qaysi biridan qancha miqdorda olishni bilish ham tajriba, mahorat talab qilar ekan.

“Ded”larning biridan istihola bilan maslahat so‘radim:

–Kak delat? Chto vzyat?

U juda og‘ir-bosiq, ko‘p janglarni ko‘rganligidan bo‘lsa kerak, ko‘zlari juda ziyrak boqardi.

–Sen, ukajon, ko‘proq oziq-ovqat olgin, -dedi u men yig‘ib qo‘ygan o‘q-dorilarni bir chetga surib qo‘yar ekan, davom etdi:

–Avtomating magazinlarining o‘zida to‘qsonta patron bor, so‘rashtirib lifchik4 topib olsang unga ham uch-to‘rtta o‘qdon o‘qi bilan sig‘adi. Zahiraga yana yuz-ikki yuz dona patron va granatalardan uch-to‘rtta ol, yetadi, chunki o‘q-dorini senga yetkazishadi, o‘ylama, lekin oziq-ovqat masalasi qiyin. (Ammo keyinchalik o‘q-dori yetkazib berish imkoni topilmay qoladigan vaziyatlarga ham tushib qolish mumkinligiga guvoh bo‘ldim.)

U karton qutilarga joylashtirilgan “suxoy payok” deb nomlanuvchi uch kunlik oziq –ovqatlarimni titib, ikkiga ayira boshladi. Har bir qutida mayda-katta konserva bankalarning o‘zidan olti-yetti dona, pechenyega o‘xshatib qadoqlangan non mahsulotlaridan ikki-uch xil va yana men hali nimaligini aniq bilmagan boshqa narsalar ham bor edi.

–Bulardan kaloriyaliklarini ol, yukni ko‘paytirma, -deb bankalardan bir nechtasini olib tashladi.

O‘zini Glazev deb tanishtirgan rus yigiti juda muloyim chiqib qoldi.

–Sen, ukajon, bu yerda o‘lib ketishdan emas, obro‘yingni yo‘qotib qamalib ketishdan qo‘rqqin. Nizom bo‘yicha yasha, komandirlarning ko‘rsatmalaridan chetga chiqma, boylikka qiziqma, hammasi yaxshi bo‘ladi, -deb aytgan so‘zlari hamon quloqlarim ostida jaranglab turadi.

Yoshi deyarli o‘zimga tengdosh bo‘lgan bu yigitning akalarcha bergan nasihatlariga quloq solarkanman, “Nahotki “ded”larning hammasi shunday odamoxun, muloyim bo‘lsa?”– degan savol xayolimga keldi. Lekin keyinchalik besh barmoq barobar emasligiga amin bo‘ldim.

Uch-to‘rt kunlik tayyorgarlikdan so‘ng tongda jangovar texnikalardan iborat kolonna bilan yo‘lga chiqdik. Yuklarimni BMP ning ichiga joylashtirib, “ichkarida o‘tirsa bo‘lmasmikan?” deb o‘yladim-u, lekin boshqa askarlardan o‘rnak olib, uning ustiga chiqib oldim. Va nihoyat qo‘rqinchla intizorlik bilan kutilgan ilk “safar”im boshlandi. Shaharning ichki ko‘chalaridan o‘tib borarkanmiz, atrofga qiziqib boqardim, yo‘l chetidagi tomoshaga chiqqan afg‘on bolalarini va tinch aholi vakillarini kuzatardim. Ularning ayrimlari xayrixohlik bilan boqsa, ayrimlari yuzini burar, ba’zilari esa oshkora nafrat bilan qarab qolardi.