Do‘stga vafo boshing ustina derlar,

Qo‘rqoq yigit yo‘qotgay safdoshini,

Botirlarga tog‘lar egar boshini.2


Biz qo‘rqqan – Afg‘on. Boshlandi.

Uch yuz chog‘li askarni o‘z bag‘riga olgan uchoq havoga ko‘tarilib, bir yarim soat ham uchmasdan qo‘nishga chog‘lana boshladi va chap tarafga keskin burila turib aylanasiga pastlay boshladi. “Harqalay, Termizga tushyapmiz shekilli” deb xayolimdan o‘tkazdim, lekin pastga tushgach bizni o‘rab olgan, qo‘llarida avtomat ko‘targan askarlarni, atrofimizdagi sarg‘ish tusdagi baland tog‘larni ko‘rib hafsalam pir bo‘ldi: ha, bu joy biz qo‘rqqan ”AFG‘ON” edi!

“Ha, Ilyos, qo‘rqyapsanmi… ” o‘zimga o‘zim savol berdim va atrofimdagilarga zimdan nazar soldim. Ular ham xuddi mendek tushkun kayfiyatda edilar. Oramizda bizdan bir yoshlar chamasi kattaroq bo‘lgan O‘tkir ham chuqur o‘yga tolgan, ko‘zlarini qayoqqa yashirishni bilmasdi. Doimo quvnoq yurguvchi To‘ra ham qandaydir xayollari to‘zg‘in, baland kelbatli Ravshanning qaddi esa, go‘yo bukilib qolgandek edi. Jikkakkina gavdasi tufayli vazni yetmasada, afg‘onga kelishdan bosh tortgan bolani o‘rniga, biz bilan kelib qolgan Husan va baland bo‘yli, vazmin G‘oliblarning ham kayfiyati biznikidan a’lo emasdi.

–Ha polvonlar, jimib qoldilaring, -dedim, ularning kayfiyatini ko‘tarish niyatida. Hamma jim… Qo‘rquvdan tashqari, ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgan nohaqlik ham barchamizni karaxt ahvolga solgan edi.

Lekin bizning bu tushkun holatimiz tezda o‘tib ketdi va yoshlarga xos qiziquvchanlik ustunlik qilib atrofni kuzata boshladik.

–Saflaninglar, -kimdir buyruq berganday bo‘ldi, lekin biz saflanib-saflanmay, sudralishib qayta taqsimlash punktiga yetib keldik.

–Uzoqlashmanglar, kechqurun qismlarga jo‘naysizlar, -qisqa berilgan ko‘rsatmadan so‘ng, o‘sha joyning o‘zida yuklarimizga suyanib o‘tirib oldik.

Cho‘ntagidan yarimta qurutni chiqargan To‘ra hech gap-so‘zsiz uni bo‘laklab bizga taqsimlab berdi. U bu irim haqida birovdan eshitganmidi yoki o‘zi o‘ylab topganmidi- biz uchun o‘shanda uning ahamiyati yo‘q edi. Muhimi bizni ko‘nglimiz shu bilan taskin topgani edi. Ovoz chiqarib birortamiz duo qilib biror tilak bildirishni bilmasak-da, lekin hammamiz ham ich-ichimizda “Sog‘-salomat qaytib ketaylik bu yerlardan, ilohim” deb xayolan duo qilganimiz rost.

Atrofni kuzata boshladim: chap taraf baland-past tog‘lar bilan o‘ralgan. Biz turgan joydan janub tarafda katta, biroq ko‘rimsiz shahar yastanib yotardi. Bu Kobul shahri edi.

Shaharning kunbotar tarafidagi katta tepalik e’tiborimni tortdi. Prizma shaklidagi bu ulkan tepalikni yon bag‘irlaridan aholi uy-joy qurib yuqoriga chiqib ketgandi. “Suvni bu balandlikka qanday qilib chiqarib berisharkin?”, qishloq bolasi sifatida, xayolimga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi. Shaharda ko‘p qavatli uylar kam, lekin bizdan shimol tarafdagi tog‘ yon bag‘irlarida o‘nlab shunday uylar qad rostlagan.

–Azizov!

Bu buyruq ohangidagi ovozdan hushyor tortdim.

–Ya, -deb o‘rnimdan turdim.

Qarshimda chiroyli formasi o‘ziga yarashgan desantchi kapitan turardi .

–Ti so mnoy poletish, bud zdes, -dediyu orqasiga burilib ketdi.

–Ilyos, sen desantga tushding, qoyil, -dedi To‘ra ko‘zlari yonib.

Yana bir ofitser biz tomon kela boshladi:

–Rahmatov, Zoidov!

–Ya.

–Ya.

To‘ra bilan O‘tkir sakrab turishdi.

–Vi oboi so mnoyu v Djelalabad, ponyatno?

–Tak tochno!

Ofitser ketgandan so‘ng ular ikkalasi yana joylashib o‘tirib olishdi.

O‘rtaga yana og‘ir sukunat cho‘kib, bir-birimizga horg‘in nigoh-la termula boshladik. Mash’um taqdir biz vatandoshlarni shu tariqa har tarafga sochib, bir-birimizdan ajratayotgandi!