Bu juda og‘ir edi! Chunki besh oy mobaynida ona Vatandan uzoqda, yana qaerda deng, – Sibirda, biz go‘yo bir tanu bir jon bo‘lib bir-birimizga o‘rganib qolgandik. Lekin na iloj, odamzot bundan battariga ham chidaydi.
Shu tariqa unsiz xayrlasha boshladik…
Kech kuzning kunlari qisqa bo‘ladi, haligina tepamizda turgan quyosh zarrin nurlarini so‘ndirgancha tog‘lar ortiga berkindi. Etni junjiktiradigan salqin shabada boshlandi.
Qorong‘ulik tushishi bilan aerodromda jonlanish sezilib, vertolyotlar ovozi eshitila boshladi.
Birinchi bo‘lib qarshilik To‘raev Husan bilan ukrainalik Sergey Sobachkinni G‘azna shahriga, ulardan keyin qamashilik G‘afforov Ravshan bilan kosonlik Pirnazarov G‘oliblarni Bagramga jo‘natishgandan so‘ng, meni chaqirib olishdi.
Kapitan bilan birga yetti kishi MI-8 vertolyotiga chiqdik. Quloqni kar qilgudek varillab o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘algan vertolyot aerodrom ustidan aylanganicha yengilgina ko‘kka ko‘tarildi. Bir necha marta aylanib, ma’lum balandlikka ko‘tarilgandan so‘ng pastda son-sanoqsiz chiroqlari ko‘rinib turgan Kobul shahrini ortda qoldirib noma’lum tarafga uchib ketdik.
Zim-ziyo qorong‘ulik qa’rida bir soatga yaqin uchdik. Vertolyot chap tarafga burilib pastlashni boshlagandagina pastda bir chiziqda qo‘shqator bo‘lib miltillab turgan chiroqlar ko‘rindi. Bu qo‘nish maydonchasi edi!
Vertolyot to‘satdan pastga tomon shunday tezlik bilan sho‘ng‘idiki, azbaroyi butun vujudim bosh qismimda yig‘ilib qolganday bir zum ruhiy holatimni boshqarolmay qoldim. Nihoyat qo‘ndik…
Biz o‘tirgan yuk mashinasi katta chiroqlarini yoqmasdan yarim soatlar chamasi o‘rmalagancha soylikka tushgach to‘xtadi. Bizga joylashish buyurilgan palatkaga kirgach yorug‘likdan ko‘zlarim qamashib ketdi.
Palatka harbiylarga xos tartib-qoidalar bilan mahkam qilib joylashtirilgan, orasiga issiq-sovuqdan himoya qiladigan vositalar joylashtirilib, ularning ustidan oq rangli qattiq mato did bilan qoplangan, qo‘sh qavatli karavotlar ikki tarafdan qatorlashtirib o‘rnatilgan, qirq-ellik askarga mo‘ljallangan xos xona edi. Bizgacha ham bu yerga olib kelingan yosh askarlar anchagina bor ekan. Uxlashga chog‘langan bu yigitlar bizni ko‘rib jonlanib qolishdi.
Yo‘l azobidanmi yoki urush bo‘layotgan joyga kelib qolganligimiz qo‘rquvidanmi, bilmadim, o‘zim tanlab yotgan karavotdagi oppoqqina choyshablar orasiga kirgandan so‘ng ham anchagacha uxlay olmadim. Kim xurrak otgan, kimdir pishillabgina uxlab yotibdi… Mening ko‘zlarimga ham uyqu ina boshladi.
Qancha vaqt uxlaganimni aniq bilmayman. Bir payt atrof yashin chaqnagandek bo‘lib yorishdi-yu, nimadir “povv” etib, palatkamiz ustidan uchib o‘tdi. Avtomat tarillab, uzun-qisqa otishma tovushlari eshitila boshladi. Kimdir “mamochka” deb baqirib, uyg‘onib, o‘tirib oldi. Ozgina jimlikdan so‘ng yana boyagi yorug‘lik va “povv-povv-povv” deb ovoz chiqargancha ustimizdan ketma-ket uchib o‘tayotgan narsalar nimaligini bilamiz deguncha tong yorishib qoldi. Otishma ovozlari tinib atrofga sukunat hukmronlik qila boshladi.
–Podyom!!! Stroitsya na vixod!-buyrug‘idan so‘ng sakrab turib, kiyingancha tashqariga shoshildik.
Tong yorisha boshlagan, atrofdagi bino-yu palatkalar, harbiy texnikalar bemalol ko‘rina boshlagandi . Saflandik. Jami bo‘lib o‘ttiz-o‘ttiz besh chog‘li, biz, yosh askarlardan boshqa hech kim yo‘q edi. Biznikidek palatkalar qator qilib tartib bilan joylashtirilgan torgina uzun soylik dushman ko‘zidan anchagina himoya qilingan, yov hujumidan yaxshi mudofaa qilinadigan tabiiy istehkom edi.
–Rovnyaes! Smirno! Nale-vo! Medlennim shagom, begom marsh!-buyrug‘idan so‘ng ertalabki badantarbiyani boshladik.