Shahardan chiqib g‘arb tomondagi pasttekislik tomon yo‘naldik. “Zelyonka” deb atalmish daraxtzorlarni chap tarafimizda qoldirib, yalanglikdagi tuproq yo‘ldan ketayapmiz, lekin yo‘limiz sira unmas, kolonna juda sekin yurardi.
Kolonnani o‘z tumshug‘idan to‘rt metrlar oldinda katta va og‘ir g‘ildiraklarini g‘ildiratib ketayotgan tank boshlab boryapti. Yo‘l minalashtirilganligi sababli, u sekin yurib ana shu g‘ildiraklar yordamida avtomashinalar uchun yo‘l ochib boryapti. “Yo‘l ochyapti” degani shuki, mabodo shu izda mina bo‘lsa, u portlab temir g‘ildirakni nari borsa o‘rnidan chiqarib yuborar, keyin esa yana shu g‘ildirakni qayta o‘rnatib, yo‘lda davom etilaverardi. Haydovchilar mashinalarini juda ehtiyotkorlik bilan boshqarib, shu izdan chiqmaslikka harakat qilishardi.
Tushgacha besh chaqirimcha yo‘l bosdik. To‘satdan portlash tovushi eshitildi. Men o‘tirgan BMP dan uchta mashina oldinroqda borayotgan, egiluvchan uzun antennalar bilan jihozlangan, katta komandirlar uchun mo‘ljallangan MTLB (многоцелевой тягач лёгкий бронированный) minaga tushdi. Gumburlash asnosida ko‘tarilgan qop-qora tutundan ham yuqoriroqda, portlash zarbidan otilib ketgan, to‘rt nafar askar havoda muallaq, oyoq-qo‘llarini qimirlatgancha yerga qaytib tushishardi. Bu bir necha soniyalar ichida ro‘y berdi, ammo mening xayolimda juda uzoq cho‘zilgandek bo‘ldi.
Kolonna to‘xtab qoldi. Biz mashinalardan tushar-tushmas, jangga hozirlana boshladik. Lekin yon atrofda xavfdan darak yo‘q edi.
–Fugas ekan, -dedi kimdir yonimdan.
Oldinda ketayotgan tank o‘tganda ham, undan keyingi beshta mashina o‘tganda ham portlamagan fugasli mina nega aynan shu mashina g‘ildiraklariga dosh berolmadi?
Xayolimdan o‘tgan bu savolga javob topish maqsadida yonimdagi askardan sekingina so‘radimu, uning javobidan yuragim orqaga tortib ketdi.
Minani chuqurroq ko‘mib, ustidan yana qisman tuproq tortib, snaryadning bo‘sh gilzasini to‘nkarib shunday moslashtirib qo‘yisharkanki, endi u besh-oltita mashina o‘tmagunicha portlamas ekan. Har qaysi bosib o‘tgan mashina yarim-bir santimetrdan pasaytirib borib, to‘nkarib qo‘yilgan gilzani portlatgichgacha yaqinlashtirib borar, va nihoyat kimningdir chekiga portlatgichni ishga tushirib yuborish to‘g‘ri kelarkan. Bu birinchi taxmin. Komandir mashinasi portlaganini nazarga oladigan bo‘lsak, ikkinchi taxminni ham ilgari surishimiz mumkin. Chetdan kuzatib turib, komandir mashinasi belgilangan joyga kelishi bilan uzoqdan boshqariladigan mina portlatilgan bo‘lishi ham mumkin. Taxminlar bisyor. Qaysi usulda portlatilganidan qat’iy nazar, oqibati ayanchli. MTLB haydovchisi Yura Samsonov halok bo‘ldi, havoga chumchuqdek ko‘tarilib, yerga qurbaqadek kelib urilgan askarlar esa turli jarohatlar olgan bo‘lishsada, har holda tirik qolishgandi. Shundagina men, nega hamma askarlar jangovar mashinalarning saloniga emas, ustiga chiqib olishganini tushundim. Haydovchi uchun esa tanlash imkoni yo‘q edi!
Yura Samsonov o‘zimizning bo‘linmadan edi. Mendan olti oy oldin afg‘onga kelgan bu yigit og‘ir-vazminligi, boshqalar bilan yaxshi muomalada bo‘lishi bilan, hamda o‘z ishining ustasi-mohir haydovchiligi sabab mening xotiramda qolgan.
Ma’no , mantig‘i yo‘q, besar bu urush,
Kim va nima uchun biz tutdik qurol.
Har qadamda xatar, aqling faromush,
Ko‘ngilda ming bitta javobsiz savol.
Bir soatlar davom etgan to‘xtalishdan so‘ng kolonna yana jildi. Endi avvalgidanda sekin yurayotgan kolonna kun botish arafasida yo‘lning chap tomonidagi keng joyga burilib, jangga hozirlanayotganday bo‘linib-bo‘linib joylasha boshladi.