Kolonna to‘xtab yo‘lning o‘ng yonboshidagi yalanglikka joylashayotganda yetib borib mashinalardan tushishgandi hamki, Astashov yaralanganda uning yonida bo‘lgan Bondarchuk o‘zini yomon his qila boshladi. Rangi oqarib hushidan ketgan Bondarchukga nima bo‘lganini, uning biqinidan oqayotgan qon oshkor qildi. U ham o‘sha paytda yaralangan-u, buni hatto, uning o‘zi ham sezmagan ekan. Aloqachilar chaqirgan vertolyot bir zumda yetib keldi…
Alixeyl Gardezning kunchiqar tomonidagi hudud bo‘lib, brigadamiz joylashgan yerdan ko‘pi bilan o‘n kilometrlar uzoqlikda bo‘lsada, unda makon topgan dushman guruhlar o‘ta faol edi. Bu hududda har yili bir-ikki marta jangovar amaliyotlar o‘tkazilib, ulardan tozalab turilardi. Afsuski, biz qo‘nalg‘amizga qaytib ulgurmasdan, ular yana joylashib o‘z faoliyatlarini davom ettirishardi. Bu yer Pokiston chegarasiga yaqin bo‘lganligidan, u tarafdan qurol-yarog‘ ortilgan karvonlar qulay yo‘llar bilan kelib, to‘planar va yana har-xil yo‘llar bilan mamlakat ichkarisiga yetkazib berilardi. Alixeyl ular uchun strategik muhim hudud bo‘lganligi uchun ham, tish-tirnoqlari bilan qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishardi.
Bir oyga yaqin davom etgan amaliyotdan qaytishganida, Bondarchukni, harbiy xizmatga yaroqsizligi uchun, uyiga qaytarishayotgandi. Biqiniga sanchilgan oskolka bir emas, balki ikkita bo‘lib, bittasini jarrohlar olib tashlagan, ikkinchisini esa, “asab tolalariga yaqin bo‘lgan nozik joyda bezarar turibdi, endi u bilan umring oxirigacha kelishib yashashga majbursan”, deb aytishgandi.
Marhum Astashovning ko‘rpa-to‘shaklari, o‘z urfimizga binoan, bir muddat bo‘sh turdi. AKSU avtomati esa, eng yaqin do‘sti sifatida Baxtiyor Suyarqulovga topshirildi.
Dushmanning bolasi ham dushmanmi?
Jangchilar o‘rtasida menga yoqqan shunday bir an’ana bor ediki, bu yillar osha saqlanib, uni yosh askarlar ham, hamon davom ettirib kelmoqda edilar. Bu – harbiy amaliyotga ketish chog‘ida va undan qaytishdek quvonchli onlarda, yo‘l chetida nimaningdir umidida turgan afg‘on bolakaylariga sovg‘alar ulashish edi. Bu holat jangga ketayotganimizda kamroq, qaytayotganimizda esa ko‘proq yuz berardiki, buning sababi ayon: borishda oziq-ovqatimizni tejaymiz, qaytishda esa o‘zimizdan orttirganlarimizni bolakaylarga tarqatamiz.
Shunday farahbaxsh kunlardan biri. Alixeyl amaliyotidan Gardez shahrining chekka ko‘chalari bo‘ylab qaytyapmiz. Yo‘l chetida to‘p-to‘p bo‘lib turgan bolakaylarga kimdir non, kimdir shirinliklar, yana kimdir konserva mahsulotlaridan uloqtirib kelmoqda.
– Baxshish davay, baxshish davay, – degancha pushtun va rus tillari qorishmasida baqirayotgan bolalar ovozi harbiy texnikalar shovqini ostida yo‘qolib ketar, sovg‘aga erishganlari xursand, o‘ljani qo‘ldan chiqarmaslik maqsadida o‘zini tezda to‘dadan chetga olar, sovg‘a tegmagan alamzadalar esa sherigining qo‘lidagidan umidvor bo‘lib unga tashlanib qolishar va hatto o‘zaro tortishib qolishgacha ham borishardi.
Ayrim joylarda esa bolalarini yo‘l chetidan olib ketishga besamar urinayotgan paranji yopingan ayollar ham ko‘rinib qolishar, erkaklar esa deyarli ko‘rinmasdi.
Yonimda o‘tirgan Jenya, qo‘lidagi bir quti pechenyesini namoyishkorona aylantirgancha uloqtirayotganda unga qistirib bog‘lab qo‘yilgan granata zapaliga ko‘zim tushdi.
– Nima qilyapsan, Jenya, – degancha qo‘lidagini uloqtirishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldim. Afsuski, ulgura olmadim. Uning qo‘lidan ozod bo‘lishi bilan ochilgan saqlagichning “shirq” etib chiqargan ovozi texnikalar g‘ovuri ichidan-da quloqlarimgacha yetib keldi.