– Birinchi mo‘ljaldan plyus ikki yuz. Katta sovg‘a topdik, sapyorlar kerak.
– Joyingda tur, hozir boramiz.
– Tushundim.
Monich yo‘l-yo‘lakay o‘z komandiriga bildirgan shekilli, bir zumda sapyorlar ham yetib kelishdiyu asboblarini ko‘tarib ichkariga kirib ketishdi.
O‘lja tushgan hujjatlar va qurolni Monichga berdim, u esa o‘z navbatida, ularni o‘z boshliqlariga topshirdi.
Ichkaridan sim tortib chiqib kelgan sapyorlar, atrofni tozalab, o‘q dori omborini portlatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Monichga quduq haqida eslatib, uni tekshirib ko‘rishga ruxsat so‘radim.
– Qo‘yaver, Azizov, foydasi yo‘q, ular ketib bo‘lishgan. Sen yer osti shaharlari haqida eshitmagan ko‘rinasan-a?
– Qanaqa yer osti shaharlari? – savolga savol bilan javob qaytardim.
– O‘sha sen aytgan quduq yer osti shaharlarining bir qismi, tushunyapsanmi, qator qilib qazilgan quduqlar ostidan bir-biri bilan bog‘langan va suv bilan ta’minlash tizimini tashkil etgan. Bunaqa tizim o‘nlab chaqirimgacha cho‘zilgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, u yerda odamlar yashamaydi, lekin dushmanlar undan unumli foydalanishadi, – deb xaritani ocha boshladi, – mana, qara, biz bu yerdamiz, mana yer osti shaharlari, ko‘ryapsanmi, Jalolobodgacha yetib borgan, – deb uzuq-yuluq chiziqchali belgilarni ko‘rsatdi.
– Shuning uchun, bundan keyin qulog‘ingda bo‘lsin, bunaqa joyga burningni suqma, senga maslahatim shu, -deb xaritani yig‘ishtirdi.
–Yur, endi qolganini yo‘lda tushuntiraman. Sapyorlar o‘z ishini yakunlasin. Xalaqit qilmaylik, – deya meni o‘z ortidan ergashtirdi. Men Valeriyni chaqirib oldimu yugurgancha Monichga yetib oldim.
– Dushmanlar reaktiv snaryadi otish qurilmalarini nishonga to‘g‘rilab qo‘yishadida, simni tortib quduq tubiga tushvolib, murvatini burasa bo‘ldi, birin- ketin uchib chiqqan snaryadlar nishon tomon yo‘l olaveradi. Bir otishda o‘n ikkitagacha otishi mumkin har bittasi. Ma’lum muddatdan so‘ng vaziyatga qarab quduqdan chiqib kelib, o‘q dori omboridan snaryadlarni tashib chiqib yana o‘qlashadi va shu tariqa yana otaverishadi. Biz esa o‘t chaqnagan joyni mo‘ljallab otaveramiz, otaveramiz… Moddiy talafotlar yetkazishimiz, demakki, reaktiv uskunalarini izdan chiqarishimiz, mudofaa istehkomlarini tit-pitini chiqarishimiz mumkin, ammo yer osti shaharlari atalmish maskan “fuqarolari”ga hech qanday zarar yetkaza olmaymiz.
Shu payt sapyorlar portlatgan yer osti omborxonasi yerni zirillatib gumburlagancha, osmonga ko‘tarilgan quyuq chang va tutun aralashmasi atrofga tarqalishni boshladi.
– Ha, aytmoqchi, Azizov, Purgin ikkalangizni bu ko‘rsatgan xizmatlaringiz uchun“ Jangovar xizmatlari uchun” medaliga tavsiya etaman.
O‘shanda mukofotga loyiq ish qilsangiz, tavsiyanoma yozib bergan komandirlar uni harbiy qism shtabiga topshirishar, harbiy qismlar esa 40- armiya shtabiga jo‘natishar, armiya bo‘yicha yig‘ilgan tavsiyanomalar esa Moskvaga yuborilar va o‘sha yerda lozim topilgan mukofotlar bir necha oy o‘tib, o‘z egalariga yetib kelardi. Ha-ha, yetib kelardi, agar yo‘lda “qaroqchi” larga duch kelmasa, albatta.
Bu mening nomimga yozilib, o‘zimgacha yetib kelmagan mukofotlarning birinchisi edi. Yo‘lto‘sar mukofot o‘g‘rilaridan biri kim ekanligini esa men uyga qaytayotgan kunim tasodifan bilib qoldim. Bu qism shtabida “kotib” bo‘lib xizmat qilgan, qismdan tashqariga biror qadam chiqib jangovar amaliyotlarga bormagan, bir askar edi. Men kabi alamzadalar ko‘p ekan. Uyga qaytmoqchi bo‘lib hammadan oldin medal va ordenlar qatorlatib taqilgan bayram formasini kiyib chiqqan askarning, bizni ko‘rganda oqarib ketgan yuzi hammasini oshkor etib qo‘ydi.