Mayli, bu haqda keyinroq so‘zlab berarman, hozir mavridi emas…


Olovli tig‘

Kolonna Alixeylga yaqinlashib qolganda dushman tomonidan katta qarshilik bilan kutib olindi. Dvigatellarning quloqlarni qomatga keltiruvchi ovozlari sabab snaryadlar hushtagi eshitilmas, lekin atrofdagi portlashlarning cheki ko‘rinmas, hamda ular tobora mashinalarga yaqinlashib kelayotganligidan sezish mumkin ediki, dushman kuzatuvchilari biznikilarni yaqqol nazorat qilib turardi.

Ortiga D-30 gaubitsasini tirkab, ustiga artilleriyachilarni mindirib olgan MTLB ni, oldinda ketayotgan mashina izidan chiqarmasdan haydashga bor e’tiborini qaratgan bekobodlik Baxtiyor Suyarqulov, ortidan kelayotgan mashinalarga ham ko‘zgu orqali qarab qo‘yishni unutmasdi. Kolonnadagi zanjirli yurish qismiga ega mashinalar, tuproqni tirnab olib sochib tashlashi oqibatida ko‘tarilgan quyuq changga qo‘shimcha qilib, har bir portlagan snaryad, yer bag‘rida yaratilganidan buyon tinchi buzilmagan qatlamni ham uyg‘otib, olovli tig‘lariga aralashtirib atrofga sochardi.

Shunday sharoitda ham Baxtiyor ko‘zgu orqali, ortidagi mashinaning, chiroqlarini yoqib-o‘chirib, to‘xtashga ishora qilayotganini payqadi. Sezdi-yu, mumkin bo‘lmasada, kolonnadan ajralib chetga chiqib, mashinani to‘xtatdi. Orqadan kelayotgan MTLB ham allaqachon to‘xtagan, uning ustidan esa, kimnidir qo‘lma-qo‘l qilib pastga tushirishayotgan edi. Baxtiyor va uning hamrohlari ular tomonga yugurisharkan, to‘xtamasdan o‘tib ketayotgan mashina ustidagilar “To‘xtama, hayda mashinani, hayda”, deb baqirib o‘tib ketishardi. MTLB ning ustiga qapishib kelayotganlardan Aleksey Astashov yaralangandi. Ustiga bronejelit taqib, boshiga kaska kiyib olgan bo‘lsada, shum ko‘rgulik, snaryadning uzun tig‘li bo‘lagini, uning naqd bo‘yniga qadagan edi. Baxtiyor bilan birga Soso Okropiridze, Dima Borovkov, Vartan Melikyan va Aleksandr Nikitinlar yordamga kelishganda, u mashinadagilar allaqachon uni yerga yotqizib, hech qanday yordam berolmasliklarini anglab, ilojsiz turishardi. Boshi ostida qolgan kaskasini yechib, yonboshiga qo‘yishgan, u esa qonga to‘lay deb qolgandi…

Unga, balki yordamim tegib qolar, degan o‘y bilan, Astashovning ustiga kelib engashgan Baxtiyor, oskolkaning bo‘yindan chiqib turgan qismidan ushlab, uni olib tashlamoqchi bo‘ldi. Tortib ko‘rib, uning ancha chuqur kirib, hatto suyakka qadalganini sezdi. Sezdi-yu, u ham ilojsizlikdan, uning qonga botgan peshonasiga qo‘lini qo‘ydi. Qo‘l taftini sezgan Astashov ko‘zini ochdi, lablari qimirlab nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin jon, allaqachon tildan chekingan edi. Sal oldin “Meni aybim nimada?” demoqchi bo‘lganday boqqan, uning hali ham tirik ekanligini bildirib turgan ko‘zlari xira torta boshladi-yu, bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, ko‘kka tikilgancha qotdi. Hali ko‘p yillar o‘ziga makon etishni istagan ruh, uning tanasini majburan tark etdi. Baxtiyor kuni kecha u bilan bo‘lgan suhbatni esladi: “Uyga qaytganimdan so‘ng, sizlarga birma-bir sim qoqaman. Shundoqqina uyimiz yonida telegraf bor. Kutilmaganda qo‘ng‘iroq qilib “men Astashovman, tanimadingmi?” desam, qanchalar xursand bo‘lsang kerak-a?”

Baxtiyorning bo‘g‘ziga nimadir tiqildi, ”nasib bo‘lsa, degan so‘zni qo‘shib aytsang bo‘lmasmidi, do‘stim… ”Lekin yig‘lay olmadi. Yig‘lab o‘tiradigan payt ham emasdi-da!

Aloqachilar xabar berishdimi yoki kolonnani yuqoridan kuzatib borayotgan uchuvchilar o‘zlari ko‘rishdimi, aytish qiyin, lekin tezda pastlab yonlariga qo‘ngan vertolyotga mayitni ortib, jo‘natib yuborishganidan so‘nggina, uzoqda faqat ko‘tarilgan changigina ko‘rinib turgan kolonnani quvib yetishlari kerak ekanligi yodlariga tushib, mashinalari tomon yugurishdi.