Bular yo‘l qo‘yilgan “isrofgarchilik”larning kichikkina bir qismi, xolos. Harbiy amaliyotlar vaqtida chiqitga chiqadigan harbiy mashinalar-u jangovar texnikalar, vertolyot-u samolyotlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Bularni yozishimdan asosiy maqsad, isrofgarchiliklar natijasida axlatga tashlanib yong‘in oqibatida otilgan har bir jangovar o‘q yoki snaryadlarning o‘tkir tig‘li parchalari bir yoki bir necha jonga qasd qilishi mumkinligini fikr qilsak, Afg‘on urushidagi holat bebosh va besaranjomligi bilan, inson qadrini, yosh yigitlar umrini bir chaqaga qimmat qilib qo‘ygan, mash’um kunlarni opichlagan dahshatning o‘zi edi.
Sevgi mojarosi
Bahor kelib kunlar ancha isigan vaqtda, Jalolobod atrofida o‘tkazilishi mo‘ljallangan, “Qoratog‘” amaliyotiga borishimiz aniq bo‘lib qoldi. Balushkin yig‘ilish o‘tkazib, kimlar borishini aniqlamoqchi bo‘lganda, endi men ham “ men boray, men boray”chilar qatoriga qo‘shilib bo‘lgandim. G‘azna, Vardakdagi harbiy harakatlar chog‘ida aloqada rus tili talaffuzini buzib so‘zlagan bo‘lsam-da, men komandirlarning talablariga mos kelib, ularning “o‘z” odamlariga aylanib ulgurdim, shekilli, keyingi janglardan birortasini ham qoldirmasdan, to “dembel”gacha amaliyotga boradiganlar ro‘yxatining eng boshida turardim.
Birinchi amaliyotimizga men bilan birga borgan Stepanyuk va Ivanov degan rus yigitlari aloqada menchalik muloqot qilisholmadimi yoki ularda jangovar ruh yetishmadimi, bilmadim, lekin, ularning ham birinchi, ham oxirgi qatnashgan amaliyotlari shu bo‘ldi. Qaysi holat bo‘lganda ham ularning “dembel”gacha pol va kosa-tovoq yuvganligi rost, ungacha esa ota-onasining erkatoy, tantiq o‘g‘illari bo‘lgani aniq.
Gardezning shimol qismidagi tog‘ tomon tutashib ketgan adirliklar oralab, bir zamonlar asfalt qoplamali bo‘lgan xaroba yo‘ldan ketyapmiz. Dovondan oshib o‘tishda chog‘roq ko‘ringan tog‘ tepasiga ikki yuz metrlar ko‘tarilgandan so‘ng pastlikka ena boshladik. Chuqur jarlikda, biqinida qizil yulduz yarqirab turgan, dushmanlar urib tushirgan vertolyot qoldig‘i ko‘rindi. Bu vertolyotga o‘z harbiy xizmat muddatini o‘tab, uyiga qaytayotgan o‘n nafar askar yigitlar bo‘lganligini va ular dushman “Stenger” raketasi yordamida urib tushirilganligini “ded”lardan eshitgandim.
Dovonning narigi tarafidagi juda tik qoyalar oralab bir kilometrdan ziyodroq pastladik va tekis yo‘lga tushib oldik. Ortimizda qolayotgan tog‘dan qanchalik uzoqlashsak, u shunchalik haybatliroq tuyulib, bizni quvib kelayotgandek ko‘rinardi. Shundagina men Gardez shahri joylashgan, tog‘lar orasidagi ulkan yalanglik qanchalik balandlikda ekanligini tasavvur qildim.
Biz brigadamizga qarashli batalyon joylashgan Baraki qishlog‘idan o‘tganimizdan so‘ng, o‘ng tarafda uzunasiga qishloqlar joylashgan xavfli hudud – “zelyonka” boshlandi. Biz o‘tadigan yo‘l esa “zelyonka”dan anchagina balandlikda shunday joylashgandiki, u yoqdagilar uchun bizning mashinalar xuddi “tir”da harakatlanayotgan nishonning o‘zginasi edi.
Ular bizni o‘qqa tuta boshlashdi. Daraxtzorning har-har joyida o‘zidan chaqnashlar chiqarib, biz tomon snaryadlar uchib kela boshladi. Kolonnamiz tezligi yanada oshirildi. Reja bo‘yicha bu yerdan katta tezlikda o‘tib ketish nazarda tutilgandi. “Hech kim o‘t ochmasin”, degan buyruqqa amal qilgan holda, qurollarimizni quchoqlagancha, BMP lar ustida bir-birimizga qapishib olgandik. Chap tarafimizda esa ustma-ust qalashtirib tashlangan metallolom uyumlari ko‘zga tashlandi. Bu olti yil davomida shu yerdan qatnagan kolonnalardan qolgan, hamma turdagi jangovar mashinalarning ushbu “tir”dan o‘tish nasib qilmagan, kuyib ketgan qoldiqlari edi. Ularning katta qismi yuk mashinalari – Ural va Kamaz rusumli harbiy texnikalar edi. Shu yerdan o‘tishda kolonnalar yakson qilinavergan va yana yo‘lni ochish uchun ularni chetga surib tashlayverishgan. Shu tariqa ulkan temir-tersak chiqindilari “tog‘”i – mashinalar “qabristoni”hosil bo‘lgandiki, uning eni uch yuz metrdan ortiq, uzunligi esa bir necha kilometrlargacha cho‘zilgandi. Shu sababli, yillar davomida to‘plangan tajribalarga tayanib, bu “tir”dan katta tezlikda “qochib o‘tish” samara berardi.