Albatta, kiyim-kechagini hamma o‘zi yuvardi, bu esa birinchi navbatda ularni qaynatishdan boshlanardi. Kiyimlarni qaynatish nima uchun kerak, deb qiziqayotgan bo‘lsangiz, aytaman: bu, bizning doimiy mehmonlarimiz bo‘lmish- bitlarni o‘ldirish uchun o‘tkaziladigan majburiy tadbir edi. Jang maydonidagi yashash sharoitlarining og‘irligi va u yerlarda sanitariya ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli askarlar o‘zlari bilan “ergashtirib” kelgan jonivorlar kazarmalarda yaxshi joylashib, moslashib olishgan ediki, bu to‘shaklarda bir kecha tunagan odam borki, biz bilan bir xil holatga tushar edi.
To‘shaklarni ulardan xalos qila olishmaganligi sababli askarlar antiqa usul o‘ylab topishgandiki, unga hammamiz so‘zsiz amal qilardik. Bu usul – oddiygina, to‘shakka kirishdan avval kiyimlarimizning hammasini yechib, onadan tug‘ilganday yalang‘och bo‘lib o‘z joyimizga “sho‘ng‘ib” ketardik. Uxlab turganimizdan so‘ng esa, badanimizni qoqilab, ustimizga ilashib qolganlarini tushirib tashlab, yana kiyimlarimizni kiyib ketaverardik.
Tungi qorovullikdan qaytgandan so‘ng xuddi shu usulda uxlab yotganimizda kazarmamizni tekshirish uchun kelgan general yotoqxonamizga kirib kelgan holatni ko‘z oldingizga keltiring. Hamma charchagan ko‘yi qattiq uyquga ketgan va tabiiyki, kimlarningdir usti ochilib qolgan…
Bu holat haqidagi xabar armiya shtabiga yetib bordi. Nima emish, ustav bo‘yicha mumkin emasmish. Lekin bizning, o‘z yashash sharoitimizdan kelib chiqqan o‘z qonun-qoidalarimiz bor ediki, biz ularga toki “dembel” 6 gacha sodiq qoldik…
“Plats”dagi lolalar
Qish kirib qalin qor yog‘di. “Afg‘onistonda qor yog‘adi”, desa, ko‘pchilik, hatto, afg‘onning boshqa hududlarida bo‘lganlar ham, ishonishmaydi, ba’zida. Lekin bu rost. Gardez shahri dengiz sathidan ikki yarim kilometr balandlikda joylashgan. Shu sababdan qishi-ku sovuq, yoz oylari ham kunduz kunlari issiq, jazirama bo‘lsa ham, kechasi salqin bo‘lardi. Yozda tungi qorovullikka turganimizda qalin kiyim – bushlat7 kiyardik. Bahor kelishi bilan esa hamma yoqda lolalar, ha-ha, haqiqiy tog‘ lolalari ochilardi. Faqat qizil emas, sap-sariq rangda bo‘lardi ular. Ularni hatto qismimiz saf maydoni, ya’ni platsda ham ko‘rganman .
“Platsda ham lola ochiladi”, degan gap ham kimlargadir kulguli tuyulishi mumkin, lekin bu ham rost. Chunki plats asfaltlanmagan, tekislab olingan oddiy qumloq joy edi-da.
Plats to‘g‘risida so‘z ketganda, yana bir katta kamchiligimiz haqida ham aytib o‘tsam. Bu – biz afg‘onda yo‘l qo‘yganimiz, juda katta isrofgarchiligimiz xususida: platsda ko‘zni yumib yerni paypaslab izlasangiz ham (bu lof emas) hech bo‘lmasa bir dona patron topishingiz mumkin edi. Oddiy gilza emas, haqiqiy jangovar patron! Endi platsdaki ahvol shu bo‘lsa, chekka joylarda va axlatxonalarda vaziyat qandayligini tasavvur qilib olavering.
Postda turganimizda ham avtomatlarimiz o‘qdonini to‘ldirish maqsadida jangovar o‘qlar saqlanadigan maxsus qutini ochib, ichidagi ikkita germetik yopilgan qutilardan birini olib, qopqog‘ini bir azobda ochgach, undan ishlatganimiz to‘rt-besh qadoq (qog‘oz o‘ram)dagi patron bo‘lar, qolgani esa xuddi “sarqit”day tashlab yuborilardi. Shu sababli qismimiz axlatxonasida har xil o‘q-dorilar – jangovar patrondan tortib, reaktiv snaryadlargacha to‘lib-toshib yotardi. Endi, qaerdaki axlatxona bo‘lsa, o‘sha yerda yong‘in bo‘lib turishini ham bilamiz. Bunda axlatxona haqiqiy jang maydoniga aylanib ketardi. U yerga bir necha yuz metrgacha yaqinlashish – hayot uchun xavfli edi. O‘t olib havoga ko‘tarilgan reaktiv snaryadi qism markaziga kelib tushgan holatlar ham bo‘lgan.