Ikkinchi sentabr kuni opaning oldiga bordik. Gapni uzoqdan boshladim: oilada yolgʻiz oʻgʻilligim, ota-onam meni odam boʻlsin deb, ToshDUga7 kirishimni bir umr orzu qilgani…

– Nima demoqchisan? – soʻradi Xatira opa.

– Biz oʻqishni koʻchirmoqchi edik. Siz dam olishga ketgan ekansiz. Shunga, nomingizdan oʻzimizga «uch» baho qoʻyib… Uzr endi, opa…

Toʻgʻrisini aytsam, Xatira opaning bunchalik jahli chiqishini kutmagandim. Xuddi men «zachyotka»ga baho emas, vasiyatnomasiga qalbaki imzo qoʻygandek, birdaniga portlab ketdi.

– Bu nimasi, Komiljon? Axir bu jinoyat-ku! Noqonuniy ish qilgansiz!

Xatira opa gapirgani sayin nima ish qilib qoʻyganimni, qalbaki «uch» arzimagan narsa emasligini tushunib yeta boshladim. U bizni rektorning yoniga sudrab bordi: «Agar bu ikkovini hoziroq institutdan haydamasangiz, men ketaman!» – deb shart qoʻydi. Qattiq turib oldi. Chunki talabaning, ustiga ustak kelajakda mafkurani belgilaydigan talabalarning yolgʻonini kechirib boʻlmaydi. Shuncha yalinsak ham, opa koʻnmadi. Ikki oyogʻini bir etikka tiqvoldi. Pul ham, tanish-bilish ham yordam bermadi.

Onamni chaqirtirib, shartta: «Oʻgʻlingiz institutdan haydaldi», – deb eʼlon qilishdi. Oʻsha yerning oʻzida hushlaridan ketib qolmasinlar ishqilib, deb qoʻrqib turdim.

Oyim bilan Kosmonavtlar xiyobonidan jimgina yurib ketyapmiz. Kayfiyat rasvo. Sekin gap boshladilar:

– Mayli, Komiljon. Bildim, sendan katta odam chiqmas ekan. Oʻzi rabochiyning bolasi rabochiy boʻlar ekan-da. Hechqisi yoʻq, hozir adangning ishxonalariga boramiz, seni oʻzlariga yordamchi qilib oladilar. Hunarli boʻlish ham yaxshi narsa. Moshina tuzatib non topasan.

Undan koʻra, tarsaki tushirganlari ming marta yaxshi edi. Onamning bor umidlari mendan, menga ishonardilar. Men boʻlsam shuni bilib turib, pand berdim.

2002-yil

Mana endi chalamulla talabani vazirlikka ishga olishyapti. Xatira opadan koʻpam xafa boʻlmadim. Bu voqeadan katta saboq oldim, qaysidir maʼnoda oʻsishimga ham shu sabab boʻldi. Eng asosiysi, yolgʻon ertami-kechmi fosh boʻlishini vaqtida tushunib yetdim. Yolgʻonni ichingda saqlab, qachondir oshkor boʻlishidan qoʻrqib yashagandan koʻra, qilmishingga yarasha oʻsha zahoti jazo olgan yaxshiroq ekan. Boshida FVV formasida, guvohnomamni koʻtarib Xatira opaning oldiga bormoqchi boʻlib yurdim. «Mana, kim boʻlganimni bir koʻrib qoʻying…», – degim kelardi. Vaqt oʻtib, mening kelajagimga aynan Xatira opa turtki berganini tan oldim. U ustozning oldiga anchadan keyin bordim. Nimalarga erishganimni gapirib berdim. Lekin suhbatimiz umuman boshqa ohangda boʻldi.

U vaqtda esa mendan baxtli odam yoʻq edi. Hamma orzularim ushala boshlagan, oldinda meni omadli parvoz kutayotgandek edi.

Bu shiddatli parvoz toʻqqiz yil davom etdi. Shuncha yil har bitta ikir-chikirga eʼtibor beradigan, talabchan perfeksionistning qoʻl ostida jonimni berib, bayram, dam olish nimaligini bilmay ishladim. Yo hammasini qoyil qilib qoʻyasan, yoki umuman keraging yoʻq. Oʻshanda bir narsani sezganman – oʻzimga dushman orttirishga usta ekanman. Bu «fazilatim»dan umr boʻyi qutulolmadim.

FVV matbuot xizmatida. «Qamchiq» maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi faoliyati haqida reportaj tasvirga olinyapti.

Bir yil ichida FVVning axborot tizimini yaxshigina oʻzlashtirib oldim. Mendan doim yangi gʻoyalar qaynab chiqar va ular Parpiyevga maʼqul kelardi. Muhimi, men bu gʻoyalarni roʻyobga chiqara olardim. Lekin kimdir ishimga aralashsa chidolmasdim, vazir oʻrinbosarlari bilan tengma-teng gaplashar edim. Bir yilda ishini qoyil qilib bajaradigan mutaxassis deb hisoblay boshladim oʻzimni. Qizigʻi, mening hech kim bilan ishim boʻlmasa ham, atrofdagilar nimagadir nuqul mening ishimga aralashar edi. Bu xuddi osh pishirish uchun oshpaz chaqirib qoʻyib, keyin uning tepasida turib, «guruchini kam sopsan, yogʻni koʻp quyvoribsan», degandek gap. Indamay, oʻziga qoʻyib ber, oldin oshni damlasin, oʻxshata olmasa, ana undan keyin tanqid qil! Yoʻq, men bir ish qilsam, hamma burnini suqishi shart! Bunga chidolmasdim, shuning uchun Komil Allamjonovni betgachopar, oʻjar deb bilishardi. Bir ahmoq yoki tantiq boʻlsam ham mayli ekan, ammo men ishimni qoyillatib bajarardim! Hamma mening «surbetligim» sababini qidira boshladi.