Mayli.

Yangi yil arafasi. Ishchilarga mukofot puli tarqatilsin, deb topshiriq berdim. Korxonaning oʻzida katta sahna qurdik. Sherali Joʻraуev, Yulduz Usmonova kabi sanʼat yulduzlari, taniqli qoʻshiqchilarni taklif qildik.

Oʻziyam rosa qizdirishdi!

Konsertdan keyin, ziyofat oxirida soʻzga chiqdim.

– Kayfiyatlar qalay? – soʻradim yigʻilganlardan. – Nimaga baʼzilarning yuzida xursandchilik koʻrmayapman? Yangi yil bayram-ku? Mana, mukofot puli olgan boʻlishingiz kerak…

Oʻtirganlar orasida gʻala-gʻovur boshlandi. Qanaqa mukofot? Hech kim hech nima olgani yoʻq…

Rahbariyatning rangi oʻchib ketdi.

– Men OʻzMAA direktori sifatida oʻz majburiyatimni bajardim, xodimlarni mukofotlash haqida buyruq berdim. Lekin rahbarlaringiz buyruqni bajarmagan.

– Kechirasiz, hali ulgurmadik… – degan mujmal javoblar eshitildi.

– Agar berilgan topshiriqni bajarmasangiz, sizlarni ishdan olishga majbur boʻlaman, – bu gapni hammaning oldida, mikrofon orqali aytdim.

Ertasigayoq shoshilinch ravishda mukofot puli tarqatildi. Hech qanday protokol-u rasmiyatchilikka qarab oʻtirmasligimni bilib, hayiqishdi, shekilli. Hammaning oldida nimani oʻylasam, oʻshani gapiraman, ishdan shartta boʻshatishim mumkin, arizaga «oʻz xohishiga binoan…» degan yozuvni tirkab, imijimida choponni yelkaga tashlab ketish yoʻq.

Mukofotni vaqtida berish arzimagan masaladek koʻrinishi mumkin, lekin bu yangi rahbarning bir soʻzli ekanini isbotladi. Shundan keyin ishchilarning muammolarini oʻrgana boshladim. Oʻziga xos ochiq eshiklar marafonini eʼlon qildim. Istagan xodim kelib, dardini aytishi, savol yoki taklifini berishi mumkin edi. Ertalabdan boshlangan kirdi-chiqdi yarim kechagacha davom etardi. Toʻylar, maoshlar, taʼtillar, davolanish, ijtimoiy imtiyozlar, xat-hujjat – koʻrmagan masalamiz qolmadi.

Odamlarni ragʻbatlantirish uchun «Oʻzbekiston» nashriyotida ishlaydigan hamma xodimlarning maoshini yaxshigina koʻtardim.

Tipografiya xodimlarini esa ogohlantirdim: kim oʻgʻrilik qilsa, javobgarlikka tortiladi. Toʻgʻri, «otkat»lar bilan solishtirganda bu pul xamir uchidan patirdek edi. Kimlardir baribir eski hunarini qoʻymadi va ishdan boʻshatildi.

Darvoqe, direktorning ham oyligini oshirdim. Undan oldin xususiy bozorda eng zoʻr mutaxassislarning mehnati qanchaga baholanishini surishtirdim. Natijada, direktorning maoshi 2,5 milliondan deyarli 25 millionga chiqdi.

Oyligi rasman qancha ekanini aniqlaganimda, oʻrtamizda noxushroq suhbat boʻlib oʻtdi:

– Milliardlab pul aylanadigan, 650 kishilik jamoaga bosh-qosh rahbar bunaqa arzimagan oylikka ishlashi uchun yo ahmoq boʻlishi kerak, yoki oʻgʻri. Siz qaysi birisiz? – soʻradim kinoya bilan. – Shaxsan men qoʻl ostimda ikkala toifa ham ishlashini istamayman.

Rahbarlar istalgan paytda lavozimidan ayrilishi mumkinligini tushunishdi. Topshiriqni bajarmasa, ishdan olaman. Qattiq va ayovsiz bosim oʻtkazishga toʻgʻri keldi.

Maʼlum vaqtdan keyin direktor qabulimga kelib, «oʻz xohishiga koʻra» lavozimidan ozod etishimni soʻradi. Yoʻq! Aniq bir sabab boʻlsa, boʻshataman, oʻz ixtiyori bilan ketish yoʻq!

Tipografiyalardan biridagi sexda ishchilar yertoʻlada ishlashar ekan. Bino taxminan ellik yildan beri taʼmirlanmagan. Hamma yoqda namgarchilik, zax bosib yotibdi, xonalar nimqorongʻi. Binoni epaqaga keltirish uchun bir hafta muddat berdim. Roppa-rosa bir hafta! Direktor ertasidan ishga chiqmay qoʻydi. Hamma ishni tashlab, yoʻqolib qoʻya qoldi.

Nashriyotlarning rahbarlari qaltis vaziyatda edi. Meni na pora berib, na kimlargadir qoʻngʻiroq qildirib oʻzlariga ogʻdira olishdi. Bunday yuqori lavozim egasiga uncha-muncha odam haddi sigʻib iltimos bilan chiqa olmaydi. Shuning uchun yillar davomida nashriyotlar mablagʻini oʻzlashtirib kelganlar sekingina juftakni rostlashdi.