Karimovning qabuliga kirmoqchi boʻlganlarga arzirli sabab kerak edi. Shuning uchun «Uzmetronom» xabarlarini qogʻozga chiqarib, «Matbuotda mana nimalar berilyapti…» degan bahona bilan kirishardi. «Matbuot» esa kimga buyurtma tushsa, oʻshaning ustidan magʻzava agʻdarardi. Mening familiyam bu saytning doimiy «bezagi» boʻlgan. Sergey Aleksandrovich qoʻygan har bir qadamim haqida maʼlumot berardi va xabarni chiroyli badiiy toʻqimalar bilan qorishtirishni boplardi. Maqolalarini qoyilmaqom qilib yozardi-yu, lekin faktlari ancha boʻsh boʻlardi. Gapi ishonarli chiqishi uchun oz-moz haqiqat ham aralashtirib qoʻyardi, albatta.

Meni «Parpiyevning jiyani»ga chiqargan va bor yutuqlarimni (buni koʻproq muvaffaqiyatsizlik degan boʻlardim) qarindosh-urugʻchilikka yoʻygan aynan shu odam boʻladi.

U «Soliq-info»ga majburiy obuna uyushtirilganini qoralab maqola yozgan va tagida shunday izoh qoldirgan edi: «Yurtimizda «Soliq va bojxona xabarlari» gazetasi bor-ku, yana bitta gazetaga nima hojat?» Muallif faqat bir masalaga aniqlik kiritishni unutgandi. «SBX» – xususiy nashr. Bu gazeta ham u paytga kelib, xoʻjalik hisobiga oʻtgan «Pravda Vostoka», «Xalq soʻzi», «Postda» va boshqa barcha davlat nashrlari kabi majburiy obuna hisobiga kun koʻrardi. Respublikaning deyarli 99% nashri majburiy obuna orqali tarqatilardi. «Soliq-info» ulardan biri edi, xolos. Lekin hamma «olqishlar» faqat mening boshimga yogʻildi. Vaholanki, men qonunni buzmagandim. Qolgan nashrlarning egalari bir chekkada muloyimgina boʻlib turishdi. Oʻsha davrda holat bunday edi: senzura kuchli, soʻz erkinligi yoʻq, gazetalar oʻqishli emas, hech kim sotib olmaydi. Lekin barcha nashrlarning yopilib ketishiga ham yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuning uchun davlat oʻzi bosh-qosh boʻlib, deyarli barcha gazetalarga obunani tashkil qilib berardi.

Shaxsan men buni notoʻgʻri deb hisoblayman. Administratsiya rahbari oʻrinbosari qilib tayinlanishim bilan majburiy obunaga chek qoʻyish haqida buyruq berdim. Gazetalarga raqamli texnologiyalardan foydalanib, dijital marketingga oʻtishni va bozor iqtisodiyotiga moslashishni taklif etdim. «Soliq-info»ni ham yopdim.

2008-yil

«Soliq-info» oʻzi qanday paydo boʻldi? Parpiyev bir necha marta «SBX» gazetasining muassisi Mixail Markovich Perperga gazetani tuzukroq chiqarish, sifatli qogʻozda, ranglarini tiniq qilib chop etish kerakligini gapirgan. Haqiqatan, gazetaning qogʻozi oʻta arzon, koʻrinishi talabga javob bermasdi. Mixail Markovich har safar «xoʻp», deb, yana oʻz bilganini qilardi. DSQ raisiga yoqmagani uchungina gazetaning tannarxini oshirishdan maʼno yoʻq, deb hisoblar edi.

Perper raisning aytganini qilavermagach, Parpiyev navbatdagi xizmat yigʻilishida hammaning ichida mendan: «Gazeta chiqarish qoʻlingdan keladimi? – deb soʻradi. – Qogʻozi ham, bosmasi ham sifatli boʻlishi, foydali maʼlumotlar bilan boyitilishi kerak.»

Albatta qoʻlimdan keladi! Soliq qoʻmitasida bir dunyo maʼlumot boʻlsa! Buxgalterlardan doimiy savollar kelib turar, soliq inspektorlari ularning har bittasiga alohida yozma javob berishardi. Bu javoblar esa hamma uchun foydali edi.

Ammo bitta muammo chiqib qoldi. «SBX»ni barcha davlat tashkilotlari buxgalterlari olishlari shart edi. Bizning gazeta ham oʻzini qoplashi uchun obunani yoʻlga qoʻyishimizga toʻgʻri kelar ekan.

– Hal qilamiz, – dedi rais. – Asosiysi, gazetani yaxshi, foydali, sifatli tayyorlang! DSQning rasmiy bosma nashri boʻladi.

Shu joyida bir gap aytay. «Soliq-info»ning ixtiyoriy xaridorlari ham koʻp edi. Gazeta buxgalterlarga maʼqul keldi, ularning doimiy ish quroliga aylandi. Ular, yaʼni «Soliq-info»ga oʻz xohishi bilan obuna boʻlganlar haqida hech kim bilmaydi. Lekin DSIning1 «obuna boʻlish shart» degan qoʻngʻiroqlaridan norozilar hamma yoqqa shov-shuv koʻtardi.