Tabiiyki, Gadoyev aytganlarimga ishonmadi.
Uni qanchalik yomon ahvolga solganim bir necha daqiqadan keyin maʼlum boʻldi. «Hamma oʻz joyida oʻtirsin, hech kim hech qayoqqa chiqmasin» degan buyruq keldi. Oʻsha kuni yarim kechagacha hamma xonasidan chiqmay oʻtirdi. Rais esa qayoqqadir ketdi. Keyin bilsam, hech qayerga xabar chiqib ketmasligi uchun koʻrilgan chora ekan bu. Gadoyev oʻzining odamlarini, tanklari va artilleriyasini tortib kelishga ulgurmasin deb shunday qilinibdi.
Ertasiga majlisga Bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyev11 keldi. Gadoyev lavozimidan olindi. Lekin u ham shuncha yildan beri bekorga birinchi oʻrinbosar boʻlmagan ekan, baribir tanklarini ishga solibdi. Oʻrinbosar boʻlib qoldi, faqat Akademiyaning12 rektori sifatida. Qoʻmitadan ketib, ichki ishlarga aralashmaydigan boʻldi.
Uning oʻrniga hozirgi Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Anvarovich Musayev keldi. Siyosatimizning liberal qanoti. U bilan ishlash ancha oson edi.
Keyin DSQ va umuman davlat xizmatidan ketish navbati menga yetdi. Men bu qarorga kalta oʻylab yoki toʻsatdan kelmadim. Boshqa ilojim qolmagandi.
Botir Rahmatovich rahbarlik qilgan hamma idoralarda haftalik majlislarning kun tartibini oʻzi tuzardi. Bu odatdagidek kimdir zerikarli hisobot beradigan, hamma «qachon tugarkin shu», – deb tezroq uyga ketgisi keladigan majlislar emasdi. Har safar katta sinovdan oʻtgandek boʻlardik. Rais yordamchilari boʻlimlar uchun alohida savollar tayyorlab qoʻyishardi. Bu boʻlim rahbarlarini boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadigan savollar edi. Parpiyevga majlisda koʻtariladigan masalalar boʻyicha oldindan maʼlumot toʻplab berilar, minbarga chiqqan xodim koʻpincha qaltis ahvolga tushar edi. Boʻlim boshliqlari kaltak tagida qolmaslik uchun zoʻr yoʻlni oʻylab topishdi. Dilshod Toʻraxonovdan «Bizning xizmatni kun tartibiga qoʻymang», – deb iltimos qiladigan boʻlishdi. Bilmadim, balki quruq iltimos bilan ish bitmagandir. Xullas, koʻpincha hamma qolib, minbarga bitta men chiqadigan boʻldim. General meni ayab oʻtirmas edi. Kotibiyat boshligʻi Dilshod Toʻraxonov meni oʻlguday yomon koʻrib qolgan, har safar oyogʻimdan chalishga harakat qilardi.
Oxiri bu ahvol jonimga tegdi. Nima, Soliq qoʻmitasida mendan boshqa masala qurib qolganmi? Men jadval tuzib, unga hamma boʻlimlarni, hatto kanselyariyani ham kiritdim. Roʻyxatga qoʻshilmagan faqat qorovul qoldi. Bu hujjatni Parpiyevga olib kirib, oxirgi paytlari majlislar bir qolipda oʻtayotganini aytdim. «Hamma navbati bilan hisobot bersin, har bir boʻlim oʻzining ishini matbuotda yoritsin», – dedim. U rozi boʻlib, jadvalni imzoladi.
Endi meni minbarga chiqarishsa, topshiriqlarni kimlar bajarmayotganini shartta aytadigan boʻldim. Muhtaram hamkasblarim ogʻzimni yopish uchun meni ham «Toʻraxonovning roʻyxati»ga kiritib qoʻyishibdi. Oʻrtaga pul tashlashgan boʻlishsa kerak.
Qisqasi, qilgan ishim uchun taʼzirimni yedim, meni kechirishmadi. Ustimdan nimalardir toʻqib, tuhmat qilishdi. Shunchalik bemaʼni bahona oʻylab topishdiki, hozir aniq nima gap boʻlganini eslolmayman ham. Toʻqqiz yil deganda Parpiyev majlisda birinchi marta hammaning oldida rosmana poʻstagimni qoqdi. Men esa oʻzimni oqlay olmadim. Hammasini miq etmay eshitib turdim. Endi bu yerda ishlolmasligim aniq edi.
Chiroyli ketmoqchi boʻldim. Oradan toʻqqiz yil oʻtgan boʻlsa ham, bu inson salomimga «vaaleykum» deb alik olganini, menga bir yugurdak emas, odam deb muomala qilganini esimdan chiqarmagandim.
– Mayli, kelsin, – debdi Botir Rahmatovich.